Ўзбекистон Республикаси Давлат активларини бошқариш агентлиги
Самарқанд вилоят ҳудудий бошқармаси
w w w . s a m g k k . u z

 

O‘zbekistonda biznesni yuritish yanada soddalashtirilmoqda.

          Ma’lumki, respublikada iqtisodiyotni jadal o‘sishini ta’minlash, aholi turmush tarzini yaxshilash va buning uchun birinchi navbatda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalarni, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etish iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish qulayligini, ya’ni biznes uchun yaratilgan imkoniyatlar, tadbirkorlar huquq va erkinliklarini ta’minlovchi qonunchilik normalarini baholovchi bir qator tashkilotlar mavjud. Ular ichida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish”(Doing business) yillik hisoboti (reyting) nufuzli reytinglardan biri hisoblanadi.

Respublikamizda so‘ngi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida ohirgi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston reytingi ancha yaxshilanib, 190 ta mamlakat orasida 2018 yilda 76-o‘ringa ko‘tarildi.

“Biznes yuritish” hisobotidagi asosiy ko‘rsatkichlardan biri - minoritar investorlar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidir.

E’tiborli jihati bu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanib, 2016 yildagi 88-o‘rindan 2018 yilda 62-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, 2019 yil 20 martda O‘zbekiston Respublikasining “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-531-sonli Qonuni qabul qilindi.

Unga muvofiq:

aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining minimal miqdoriga qo‘yilgan talab bekor qilinib, ustav fondining (ustav kapitalining) minimal miqdori litsenziya olishda talab qilinishi mumkinligini nazarda tutish;

aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi chet ellik investorlarning ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;

aksiyadorlarga aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishida o‘zlarining ulushlariga mutanosib tarzda sotib olish huquqi berish;

aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolatini faqatgina aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga berish;

aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi to‘g‘risidagi xabarnomani yig‘ilish o‘tkaziladigan kundan kamida 21 kun oldin aksiyadorlarga yuborish;

kuzatuv kengashi qoshida eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha Qo‘mitalar tuzish;

kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolarni jalb etish;

jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolari, direktor va boshqaruv a’zolari jamiyatga zarar yetkazgan hollarda ularni sud qarori asosida lavozimidan chetlatish;

jamiyat tomonidan boshqa yuridik shaxslar ustav kapitalidagi 5 va undan ortiq ulushni sotib olgan taqdirda, ushbu ma’lumotlarni 72 soat ichida e’lon qilish;

mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarda ishtirokchining ulushi (ulushning bir qismi) sotilgan taqdirda jamiyatning boshqa ishtirokchilariga ushbu ulushni imtiyozli sotib olish huquqini berish, jamiyat tomonidan hisoblangan dividendlarni to‘lash muddatlarini qat’iy belgilash;

mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ulushining 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs, agar u bungacha mazkur jamiyat ulushiga egalik qilmagan yoki ulushining 50 foizidan kamrog‘iga egalik qilgan bo‘lsa, qolgan ishtirokchilarga ularning ulushlarini bozor qiymati bo‘yicha sotib olishi borasidagi taklifini yuborish majburiyatini belgilash kabi o‘zgartirish va qo‘shimchalar amalga kiritildi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi korxonalardagi korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi.

Манба: http://davaktiv.uz/uz/yangiliklar


Киритилган вақти: 04/04/2019 11:24;   Кўрилганлиги: 233
 
Материал манзили: http://samdavaktiv.uz/news/boshqarma-xabarlari/ozbekistonda-biznesni-yuritish-yanada-soddalashtirilmoqda
Чоп этилган вақт: 15/11/2019 18:39